2026-yil 8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda institutning ilmiy faoliyati, doktorantlar va tadqiqotchilarning dissertatsiya ishlari, xodimlarning xorijiy xizmat safarlari yakunlari hamda ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri tayanch doktorant B.A. Ravshanovning 03.00.04 – “Mikrobiologiya va virusologiya” ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “Kasallangan kartoshka tuganaklarining mikrobiotasini aniqlash va fitopatogenlarning kimyoviy va biologik himoya vositalariga chidamliligini baholash” mavzusidagi dissertatsiya ishining taqdimoti va muhokamasi bo‘ldi.
Shuningdek, tadqiqotchi F.B. Egamberdiyevning 03.00.04 – “Mikrobiologiya va virusologiya” ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “O‘zbekiston ayrim galofit endofit zamburug‘lari xilma-xilligi va xususiyatlari” mavzusidagi dissertatsiya ishining taqdimoti va muhokamasi o‘tkazildi.
Dissertatsiya ishlari yuzasidan Ilmiy kengash a’zolari tomonidan savollar berilib, tadqiqotlarning ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati, olingan natijalarning asoslanganligi hamda belgilangan ilmiy vazifalarning bajarilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Muhokama yakunlariga ko‘ra, har ikki talabgor - B.A. Ravshanov va F.B. Egamberdiyev dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildi hamda PhD ilmiy darajasini olishning keyingi bosqichiga tavsiya etildi.
Yig‘ilish davomida institut olimlarining xalqaro hamkorlik va ilmiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan xizmat safarlari natijalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, professor L.I. Zaynitdinovaning Minsk shahriga (Belarus Respublikasi) xizmat safari yakunlari bo‘yicha hisoboti taqdim etilib, mazkur safar doirasida amalga oshirilgan ilmiy uchrashuvlar, hamkorlik aloqalari va kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda “Formula 35” fan festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Festivalni mazmunan boyitish, institutning ilmiy salohiyati va ilmiy ishlanmalarini keng jamoatchilikka namoyish etish, yoshlar va o‘quvchilarni ilm-fanga jalb etishga qaratilgan tadbirlarni samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan fikr va takliflar tinglanib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Ilmiy kengashda dissertatsiya tadqiqotlarining muvaffaqiyatli himoya qilingani institutda ilmiy kadrlar tayyorlash, fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish borasidagi ishlarning izchil davom etayotganini yana bir bor namoyon etdi.