O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi ilmiy tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan olimlar ishtirokida ilmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti, Xitoy Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Fizika va kimyo texnika instituti hamda BGI Research vakillari Mikrobiologiya institutida bo‘ldilar.
Uchrashuv davomida tomonlarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ustuvor ilmiy yo‘nalishlar, zamonaviy tadqiqot usullari va ilmiy infratuzilma to‘g‘risida ma’lumot va tajriba almashildi. Shuningdek, mikrobiologiya, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlarida istiqbolli ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda, ayniqsa, ilmiy kadrlar tayyorlash, yosh olimlarning malakasini oshirish, stajirovkalar va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalar va tadqiqotlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar mavjud ilmiy salohiyat va tajribadan samarali foydalanish orqali uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Muloqot yakunida ikki tomon o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, istiqbolda o‘zaro anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding) tuzish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlarni o‘rganish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif kelgusidagi institutsional hamkorlikni rivojlantirish va memorandum imzolash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xalqaro ilmiy hamkorlik doirasidagi bunday tashriflar ilg‘or ilmiy tajriba va texnologiyalar almashinuvi, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish, yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Mikrobiologiya instituti va Xitoyning yetakchi ilmiy tashkilotlari o‘rtasidagi mazkur muloqot ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish va yangi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.