2025-yil 15-iyul kuni Toshkent shahridagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan yosh olimlar va tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi – ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirish, innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va investitsiya jalb qilish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Abdujalilovich, O‘zbekiston Respublikasi Biznes-ombudsmani vakillari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
![]()
Tadbir davomida respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan yosh olimlarning dolzarb muammolari va takliflari tinglandi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda tahsil olayotgan hamda faoliyat olib borayotgan yosh tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ijobiy qabul qilinib, qo‘llab-quvvatlandi.
Ochiq muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti kichik ilmiy xodimi Mastura Abduxalimovna so‘zga chiqib, institut doirasida amalga oshirilgan innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishdagi mavjud muammolar haqida ma’lumot berdi. U tomonidan baliqchilikda keng tarqalgan aeromonoz kasalligiga qarshi ishlab chiqilgan probiotik preparat misolida ilmiy g‘oyalarning amaliyotga joriy etilishi uchun zarur bo‘lgan tashkiliy va investitsion qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining kuchaytirilishi lozimligi ta’kidlandi.
![]()
![]()
Tadbir yakunida yosh olimlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yosh olimlar va biznes” muloqot platformasini ishga tushirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Ushbu platforma yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.