O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at hamda ommaviy axborot vositalari sohalarida samarali faoliyat olib borayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Quvonarlisi, ushbu yuksak e’tirofga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti "Fiziologik faol birikmalar biokimyosi va biotexnologiyasi" laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori, professor Gulyamova Tashxan Gafurovna ham sazovor bo‘ldi.
Tashxan Gafurovna mamlakatimizda mikrobiologiya va biotexnologiya fanlarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy kadrlar tayyorlash hamda biologiya fanining taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi olima va tajribali ilmiy rahbardir.
Uning ko‘p yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati, fundamental va amaliy tadqiqotlari, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xizmatlari ushbu yuksak davlat mukofoti bilan munosib e’tirof etildi.
Hurmatli Tashxan Gafurovna!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganingiz munosabati bilan Mikrobiologiya instituti jamoasi nomidan samimiy muborakbod etamiz!
Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, ilmiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, yangi ilmiy yutuqlar va kelgusidagi ezgu ishlaringizda kuch-g‘ayrat tilaymiz.
Yuksak davlat mukofotingiz muborak bo‘lsin! Ilm-fan yo‘lidagi sharafli faoliyatingiz bardavom bo‘lsin!