Oziq-ovqat va yem mikrobiotexnologiyasi laboratoriyasi funksional faol mikroorganizmlardan foydalangan holda oziq-ovqat va yem mahsulotlarining sifati, xavfsizligi, oziqaviy hamda to‘yimlilik qiymatini oshirish, shuningdek saqlash muddatini uzaytirishga qaratilgan fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi. Laboratoriyaning asosiy ilmiy yo‘nalishlari mahalliy ishlab chiqarilgan yem mahsulotlarining mikrobiologik holati va kontaminatsiya darajasini baholash, ularning buzilishiga sabab bo‘luvchi mikroorganizmlarni aniqlash, shuningdek biologik himoya vositalari va xavfsiz, sifatli yem mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy mikrobiotexnologik usullarini yaratish uchun antagonist mikroorganizmlar shtammlarini tanlash va o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Laboratoriyaning asosiy ilmiy yo'nalishlari:
Oziq-ovqat va yem mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligini mikrobiologik baholash. Mahalliy ishlab chiqarilgan oziq-ovqat va yem mahsulotlarining mikrobiologik holati, kontaminatsiya darajasi hamda sanitariya-gigiyena ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Mahsulotlarning buzilishiga, sifatining pasayishiga sabab bo‘luvchi hamda hayvonlar va inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi mikroorganizmlar aniqlanadi.
Yem mahsulotlarini ishlab chiqarish va saqlashning mikrobiologik texnologiyalarini ishlab chiqish. Fermentativ, biokonversion va antimikrob xususiyatlarga ega funksional faol mikroorganizmlar asosida yem mahsulotlarining sifati, oziqaviy qiymati, xavfsizligi va saqlash muddatini oshirishga qaratilgan biotexnologik yondashuvlar ishlab chiqiladi.
Antagonist mikroorganizmlarni izlash va o‘rganish. Patogen va shartli patogen mikroorganizmlarga qarshi yuqori antagonistik faollikka ega mikroorganizmlarni ajratib olish, identifikatsiya qilish va o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Ular asosida yem mahsulotlarini mikrobiologik buzilishdan himoya qiluvchi ekologik xavfsiz biopreparatlar yaratiladi.
Chorvachilik uchun funksional mikrob preparatlarini yaratish. Istiqbolli mikroorganizmlar shtammlari asosida probiotik va ferment preparatlarini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi hayvonlarining oziqlanish samaradorligini oshirish, yemning hazm bo‘lishini yaxshilash hamda chorvachilik mahsulotlarining biologik xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Laboratoriyada amalga oshirilgan loyihalar:
A-FA-2019-31 — “Ichak yallig‘lanish kasalliklarini oldini olish va davolash uchun yangi biologik mahsulotni ishlab chiqish” (2019–2022 yy.)
FZ-2020041434 — “Em-xashak ekinlarini konservatsiyalash va tayyorlash uchun «IMBIOKON» biopreparatini ishlab chiqish” (2020–2021 yy.)
“Ichak yallig‘lanish kasalliklarini oldini olish va davolash uchun «ProbioKolit» BFQning tajriba-sinov namunalarini (kapsula, sachet shaklida) ishlab chiqarish” (2022–2023 yy.)
A-FA-2021-524 — “Uzumchilikda fitogormon sintezlovchi bakteriyalar asosida biopreparat yaratish” (2022–2023 yy.)